Yangiliklar

Mirziyoyev Germaniya bilan texnologik hamkorlikni qo‘llab-quvvatladi

Bu haqda u Ostona sammitida aytib o‘tdi
Rasm: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahridagi «Markaziy Osiyo – Germaniya» sammitida mintaqa mamlakatlari va Berlin o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini ma’lum qildi. Germaniya kompaniyalari bilan investitsiyaviy va texnologik sheriklik shular jumlasidandir.

Davlatimiz rahbari tegishli «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqib, maxsus iqtisodiy va sanoat zonalaridagi loyihalarga nemis investorlarini jalb etish taklifini bildirdi.

Bundan tashqari, u Toshkent investitsiya forumida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Markaziy Osiyo va Germaniya» investorlar va tadbirkorlar kengashini ishga tushirishni taklif qildi.

Mirziyoyev «Markaziy Osiyo – Germaniya» tahliliy markazlar forumini ta’sis etish tashabbusini ilgari surdi. Tadbir mennonit nemislarining katta jamoasi yashaydigan Xivada o‘tkazilishi mumkin.

Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan boshqa tashabbuslar qatorida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya o‘rtasidagi muhim xomashyo resurslari, «yashil» energetika sohasidagi hamkorlik bor.

«Biz Germaniya texnik ko‘magini jalb etgan holda kam uglerodli iqtisodiyot sohasida mutaxassislarimiz salohiyatini oshirish kompleks dasturini tayyorlashdan manfaatdormiz», deya ta’kidladi O‘zR prezidenti.

Germaniya va Markaziy Osiyo davlatlari iqlim o‘zgarishi sohasida – Germaniyaning suvni tejash va undan foydalanish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi mumkin edi.

Mirziyoyev Germaniya va mintaqaning transport sohasidagi hamkorligi sustligini ham qayd etdi. U Berlin Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan muqobil transport yo‘laklarini takomillashtirishda yordam berishiga umid bildirdi. Bu maqsadga erishish uchun 2025-yilda vazirlar konferensiyasini o‘tkazishni taklif qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston va Germaniya iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi birgalikda kurashishini yozgan edi.