Yangiliklar

Moskva viloyatida mehnat muhojirlariga shaurma tayyorlab sotish taqiqlanadi

2025-yildan
Foto: «RBC»

2025-yil boshidan Moskva viloyatida migrantlarga alkogol, tamaki sotish va umumiy ovqatlanish korxonalarida ishlash taqiqlanadi, deb xabar qildi Moskva viloyati hukumati.

Moskva viloyati hukumati raisi o‘rinbosari Natalya Maslenkinaning aytishicha, mintaqada uch yil ichida savdo sohasida ishlayotgan muhojirlarga nisbatan shikoyatlar soni sezilarli darajada oshgan.

«Hozirda Moskva viloyatida alkogolli ichimliklar, pivo va tamaki mahsulotlari sotiladigan doʻkonlarda mehnat muhojirlarini ishga olish boʻyicha 15 foizlik cheklov belgilangan. Biz bunday doʻkonlarda patent asosida mehnat muhojirlarining ishlashiga toʻliq taqiq joriy etgan 22 ta hududga qoʻshilishni xohlar edik», dedi Maslenkina.

Viloyat hukumati chet el fuqarolari Rossiyada ishlash uchun maxsus patentga ega bo‘lishi kerakligini eslatdi. Ish beruvchilar muhojirlarni noqonuniy ishga olganliklari uchun ham jazolanishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya muhojirlarga oilasini mamlakatga olib kirishni taqiqlashni taklif qilgani haqida yozgan edi.