Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida xomashyo sohasida anglashuv memorandumi imzolandi
Oʻzbekiston va AQSh muhim foydali qazilmalar sohasida oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur hujjat 16-sentabr kuni geologiya vazirining birinchi oʻrinbosari Omonullo Nasritdinxodjaev va Amerikaning Oʻzbekistondagi elchisi Jonatan Henik imzoladi. Memorandum mineral-xomashyo sohasida mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
«Ushbu hujjat xomashyo sohasida AQSh – Oʻzbekiston muloqotining davom etishiga, geologiya qidiruv, qazib olish va yuqori qiymatli mahsulot zanjirini yaratish yoʻlida muhim qadam boʻlib xizmat qilishi kutilmoqda», deyiladi xabarda.
Shuningdek, tadbir doirasida 2024-yil 24–26-sentabr kunlari Nevada shtati Las-Vegas shahrida boʻlib oʻtadigan togʻ-kon sanoatidagi eng yirik global tadbir – «MINExpo INTERNATIONAL» koʻrgazmasida ishtirok etuvchi Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari bilan suhbat oʻtkazildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Navoiy kon-metallurgiya kombinatining sof foydasi $1,4 milliarddan oshgani haqida xabar bergan edi.