Yangiliklar

O‘zbekiston qisman bandlik to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qildi. Unda nima deyilgan?

Kurisv tushuntiradi
Rasm: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-sentyabr kuni Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlash to‘g‘risidagi 175-sonli konvensiyasini ratifikatsiya qilgan qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar beradi.

XMTning 1994-yilda qabul qilingan konvensiyasi qisman band bo‘lgan xodimlarning mehnat sharoitlarini tartibga soladi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, bunday xodimlar to‘liq ish kunida ishlovchilar bilan teng huquq va kafolatlarga ega. Bu ish haqi, bandlik, kasbiy tayyorgarlik va boshqa ish sharoitlariga taalluqlidir.

Ularga haq to‘lash va ijtimoiy imtiyozlar, agar boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ishlangan vaqtga mutanosib ravishda berilishi kerak.

To‘liqsiz ish bilan band bo‘lgan xodimlar to‘liq stavkadagi xodimlar bilan teng ravishda ijtimoiy ta’minot tizimlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak.

Ish beruvchilar ushbu toifadagi xodimlarni kamsitmasligi kerak, ayniqsa ishga olish, lavozimda ko‘tarilish va mehnatga haq to‘lashda.

Ish bilan qisman band bo‘lganlar, agar bu ish beruvchi bilan kelishilgan bo‘lsa, qo‘shimcha ish soatlarini ishlash huquqiga ega bo‘lishi kerak.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston va XMT 2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan yangi Mamlakat dasturini qabul qilishi haqida yozgan edi.