O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida ikkita bitim imzolandi, deb xabar qildi respublika Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.
Hujjatlarni vazirlik rahbari Aziz Abduhakimov va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining mahalliy vakolatxonasi rahbari Yoaxim Frits imzoladi.
Bitim doirasida ikkita loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Birinchisi, «Iqlimni muhofaza qilish strategiyalari boʻyicha siyosiy muloqot va bilimlarni boshqarish» – iqlim uchun qulay bo‘lgan iqtisodiyotga o‘tish ssenariysini ishlab chiqishni nazarda tutadi. Xususan, suv-botqoq yerlarni asrash strategiyasi va ekologik turizmni rivojlantirish konsepsiyasi yaratiladi.
Ikkinchi loyiha, «Yashil Markaziy Osiyo II bosqich» – mintaqada iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha dasturni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan GFR kansleri Olaf Sholsning O‘zbekistonga tashrifi sabablari haqida yozgan edi.