Yangiliklar

Toshkentda hamshiralar uchun Germaniya tibbiyot akademiyasi tashkil etiladi

Bitiruvchilarga Germaniyada ishlash huquqi beriladi
Foto: Tma.uz

Toshkentdagi Abu Ali ibn Sino nomidagi 1-respublika tibbiyot texnikumi bazasida nemis tibbiy-ta’lim dasturlari asosida Hamshiralar uchun Germaniya tibbiyot akademiyasi tashkil qilinadi. Bu haqda Bandlik vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Aaxen universiteti klinikasi bilan hamkorlikda tashkil etiladigan akademiyada hamshiralarga bir yil davomida kasb va til oʻrgatiladi. Ular diplom olish bilan birga Germaniyada ishlash huquqini beruvchi kasbiy sertifikatni ham qoʻlga kiritadi.

Bu Samarqandda Bandlik vazirligi hamda Germaniyaning «Globogate Concept AG» konserni oʻrtasida imzolangan hamkorlik shartnomasida belgilab qoʻyildi.

Foto: Bandlik vazirligi

«Davolash boʻyicha Yevropadagi ikkinchi yirik Universitet klinikasi Aaxen bilan birgalikda Toshkentdagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi 1-Respublika tibbiyot texnikumi bazasida nemis tibbiy-ta’lim dasturlari asosida “Hamshiralar uchun Germaniya tibbiyot akademiyasi» tashkil qilinadi. Bir yil davomida kasb va til oʻrgatiladi. Muhimi, ular diplom olish bilan bir qatorda Germaniyada ishlash huquqini beruvchi kasbiy sertifikatni ham qoʻlga kiritadi”, dedi «Globogate Concept AG» konserni bosh direktori Sang Vu Pay.

Ma’lumot uchun, shartnomada barcha fuqarolarimizning huquqlari ikki davlat qonunlari bilan himoya qilinishi belgilab qoʻyilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda regenerativ tibbiyot markazi ochilishi rejalashtirilgan edi.