Bank boshqaruv xodimlarining tadbirkorlik subyektlaridagi faoliyati aniqlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 148 nafar boshqaruv xodimi tadbirkorlik subyektlarida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, «Mikrokreditbank» 94 nafar, «Biznesni rivojlantirish banki» 41 nafar hamda «Turonbank» 13 nafar boshqaruv xodimlari tomonidan jami 155 ta tadbirkorlik subyektlarida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani ma’lum bo‘lgan.
Ushbu qonun buzilish holati yuzasidan agentlik mazkur banklarga taqdimnoma kiritgan.
Qonunchilikka binoan, «davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan», deyiladi xabarda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan hukumat tashkilotlarida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganlik holati bo‘yicha 398 nafar boshqaruv xodimlari aniqlangani haqida xabar bergan edi.