Yangiliklar

BYD va Mersedes munosabatlariga sovuqchilik tushdi

Denza endi 100% Xitoy mahsuloti
Foto: ChinaImages / www.depositphotos

BYD Xitoyda Mercedes-Benz bilan qo‘shma korxonada qolgan 10% ni sotib oldi va uning yagona egasiga aylandi. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar beradi.

Unga ko‘ra, Mersedesning ketishi Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan paytga to‘g’ri keldi.

BYD premium segmentga tegishli Denza elektromobillarini ilgari surish uchun yaratilgan qo‘shma korxonaning qolgan 10% ulushini sotib oldi.

Bu qadam ikkala avtogigant o‘rtasidagi 13 yillik hamkorlikka nuqta qo‘yadi.

Shenzhen BYD New Energy Co. brendi ostida ro‘yxatdan o‘tgan Denza 2011-yilda BYD va Mercedes tomonidan tashkil etilgan. Kompaniyalar dastlab brendga 50/50 ulushiga egalik qilishgan, biroq keyinchalik kam sotilganidan hafsalasi pir bo‘lgan nemis avtomobil ishlab chiqaruvchisi o‘z ulushini 10% gacha qisqartirgan.

D9 mikroavtobusi 2023-yilda o‘z sinfidagi avtomobillar orasida sotuvlar bo‘yicha yetakchi bo‘lgan. Xitoy matbuotiga ko‘ra, Denza shu hafta o‘zining Z9GT modelini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Elektrokarning narxi $47,9 mingdan boshlanadi.

Ayni paytda Yevropa komissiyasi Xitoy elektromobillariga 36,3 foizgacha qo‘shimcha tariflar joriy qilmoqda. Ovoz berish kelasi haftaga rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri BYD Seagull O‘zbekistonda sotila boshlagani haqida yozgan edi.