Toshkent viloyatining Olmaliq hamda Bekobod tumanlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlar qayd etildi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
Olmaliqda maktab hududida ochilgan eshik-rom ishlab chiqaruvchi korxona «G.G.» MCHJ tomonidan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib 355,7 mln so‘mlik energiyadan noqonuniy foydalangan.
Bekobod tumanidagi «D.D» YaTT avtomobil yuvish shoxobchasidagi ikkinchi holatda esa, 135,9 mln so‘mlik energiyadan noqonuniy foydalanilgan.
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatida fuqaro tomonidan novvoyxonada gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanish natijasida 109,3 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati aniqlangan.
Shuningdek, fuqaro tomonidan yetkazilgan zararni to‘lamaslik maqsadida novvoyxonani boshqa bir fuqaroga joriy yilning iyun oyidan boshlab boshqarish uchun topshirgani to‘g‘risida soxta hujjat rasmiylashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) hamda 228-moddasi hujjat, shtamplarni soxtalashtirish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergovga qadar tekshiruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan besh mingga yaqin fuqarolar ishlab chiqarilgan «yashil» energiyani davlatga sotgani haqida xabar bergan edi.