M-25 konidan sizib chiqqan vodorod sulfid ikki kishining umriga zomin bo‘ldi

eʼlon qilindi
Jarohatlanganlar bor
Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» (M-25) gaz konida 17-sentabr kuni tushdan keyin yana vodorod sulfid sizib chiqishi yuz berdi. Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam O‘tayev ikki nafar shaxs halok bo‘lganini tasdiqladi.

«Haqiqatan, kecha siz aytgan o‘sha noxush holat bo‘yicha, 2 nafar o‘lgani bo‘yicha, voqea joyiga viloyat prokurorining o‘zi chiqqan. Hozirda tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda vaziyat natijasida vafot etganlardan tashqari jarohatlangan fuqarolar ham mavjud.

«O‘lim holati bo‘lgan. Ikki nafar shaxs o‘lgani to‘g‘risidagi holat bor. Yana tan jarohati olingan holatlar ham bor. Hozir tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda. Natijasi bo‘yicha sizlarga ma’lumot beriladi», — dedi Bosh prokuratura xodimi.

Eslatib o‘tamiz, 1-sentabr kuni Boysun tumani Ko‘lqamish mahallasida joylashgan «Mustaqillikning 25 yilligi» koniga qarashli 604-son quduqda burg‘ilash ishlarini olib borish vaqtida nosozlik tufayli oltingugurt (vodorod sulfid) gazi sizib chiqdi.

Shuningdek