Yangiliklar

O‘zbekiston va Qozog‘iston IT-Parklari birlashdi

Central Asian Innovation Hubs nomi ostida
Rasm: IT Park Uzbekistan

Oʻzbekistonning IT Park va Qozogʻistonning Astana Hub texnopark­lari birlashib, Central Asian Innovation Hubs tashkil etdi. Bu haqda ICT WEEK UZBEKISTAN 2024 anjumanida ma’lum qilindi.

Tadbir doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov va Astana Hub rahbari Magjan Madiyev hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Bitimning maqsadi – mintaqa uchun umumiy o‘ziga xoslikni yaratish, startaplar va venchur fondlarini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, shuningdek, xalqaro maydonlarda Markaziy Osiyo loyihalarini ilgari surish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar.

Yil yakuniga qadar ikki mamlakat texnoparklari umumiy brend ostida yirik tadbirlarda, jumladan, Bokudagi InMerge, San-Fransiskodagi TechCrunch va Lissabondagi WebSummit’da ishtirok etadi. InMerge’da to‘rtta, TechCrunch’da 20 ta va WebSummit’da 16 ta startap taqdim etiladi.

Xabarga ko‘ra, Stanford HealthTech Accelerator va Alchemist Accelerator dasturlarida mintaqaviy startaplarning ishtiroki rejalashtirilgan. Ushbu hamkorlik Markaziy Osiyoning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishi va mahalliy startaplarning xalqaro maydonda tan olinishini yaxshilashi kerak.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan IT Parkda $10 millionlik venchur fondi va sun’iy intellekt markazi ochilishi haqida yozgan edi.