Pensiya tayinlash uchun onlayn ariza qanday yuboriladi
Pensiya tayinlash uchun onlayn murojaat qanday amalga oshirilishi haqda Pensiya jamg‘armasi ma’lumot berdi.
Avvalo, my.gov.uz portalidan roʻyxatdan oʻtiladi, ya’ni fuqarolar my.gov.uz portaliga kirib, login va parol yaratib olishlari lozim. Agar portalda oldin roʻyxatdan oʻtgan fuqarolar login va parollarini yozib portalga kirishlari mumkin.
Ikkinchi bosqichda «Sohalar» boʻlimidan «Ijtimoiy himoya» kichik boʻlimini topib shu boʻlimga kiriladi.
Uchinchi bosqichda mazkur boʻlim ichidan «Pensiya tayinlash uchun ariza berish» tugmasi bosiladi.
Toʻrtinchi bosqichda «Xizmatdan foydalanish» tugmasi bosiladi.
Beshinchi bosqichda fuqarodan soʻralgan JSHSHIR raqami, pasport seriyasi va raqami, yashash manzili (viloyat, tuman, mahalla), telefon raqami hamda eng zarur maʼlumot – «Pensiya turi» tanlanadi va «Yuborish» tugmasi bosiladi.
Ma’lumotlar toʻgʻri va aniq kiritilgan taqdirda ariza muvaffaqiyatli yuboriladi hamda yuborilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Ariza koʻrib chiqilgach, fuqaroga pensiya tayinlanganligi yoki tayinlanish rad etilganligi haqida telefon raqamiga SMS yuboriladi.
Tayinlangan pensiyadan norozi boʻlgan yoki pensiya tayinlanishi rad etilgan fuqarolar Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga murojaat qilish huquqiga ega.
Eslatib o‘tamiz, 1-sentabrdan pensiya va nafaqalar miqdori 15 foizga oshirilgan edi.