Tahlilchilar Rossiya gazining narxi $297 gacha oshishini prognoz qilmoqda
Joriy yilda Rossiyadan gaz quvurining o‘rtacha narxi 1 ming kub metr uchun $297 ni tashkil etadi, deb yozadi «Vedomosti» Narx indekslari markazi (NIM) ma’lumotlariga tayanib.
Fevral va iyun oylaridagi prognozlarda markaz tahlilchilari yoqilg‘ining eksport narxini mos ravishda $270 va $277 deb prognoz qilgan.
Ko‘rsatkich yaxshilanganiga qaramay Rossiya gazi narxlari prognozi o‘tgan yildagidan past. O‘shanda u $305 edi.
NIM prognozlariga ko‘ra, kelgusi yilda Rossiyadan gaz $266 ga, 2026-yilda $247 ga sotiladi.
Joriy yilning avgust oyi oxirida «Gazprom» konserni raisi Aleksey Miller kompaniya sakkiz oy ichida Markaziy Osiyo mamlakatlariga gaz yetkazib berishni ko‘paytirganini aytdi.
Millerning ta’kidlashicha, «Markaziy Osiyo – Markaz» magistrali orqali Rossiya gazi eksporti maksimal darajada.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan joriy yilning yetti oyida O‘zbekistonda gaz qazib olish ko‘rsatkichi 26,1 mlrd kub metrni tashkil etgani haqida yozgan edi.