Xalqaro atom agentligi rahbari Rafael Grossi O‘zbekistonga keladi
17-sentabr kuni Vena shahrida O‘zR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori Azim Axmedxadjayev va XAEA bosh direktori Rafael Grossi uchrashdilar. Bu haqda agentlik ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuvda «Oʻzatom» agentligini qayta tashkil etish va kam quvvatli atom elektr stansiyasini (KQAES) qurish loyihasi muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, loyiha bo‘yicha dastlabki ishlar «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda va XAEA tavsiyalariga asosan boshlandi. Loyihaning xalqaro xavfsizlik standartlariga muvofiqligini ta’minlash masalalari ham inobatga olindi.
Shuningdek, XAEA bilan birgalikda yadro texnologiyalari, jumladan, kichik modulli reaktorlarga bag‘ishlangan qo‘shma tadbirlar o‘tkazish rejalari ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida XAEA bosh direktori O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekistonda kam quvvatli AES loyihasi qurilish ishlari «start» olgan edi.