Yangiliklar

BMT rezolyutsiyasi: Isroildan o‘z harbiy kuchlarini Falastin hududidan olib chiqib ketish talab qilindi

Hujjatni 124 davlat qatorida O‘zbekiston ham qo‘llab-quvvatladi
Foto: BMT / E.Debebe

Isroildan o‘z harbiy kuchlarini Falastindan olib chiqishga oid BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasini 124 davlat qatorida O‘zbekiston ham qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda BMT axborot xizmati xabar berdi.

Falastin tomonidan taklif qilingan hamda boshqa o‘nlab davlatlar tomonidan yozilgan rezolyutsiya chorshanba kuni qabul qilindi. Ushbu rezolyutsiya 124 delegatsiya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, 43 ta davlat betaraf, 14 ta mamlakat qarshilik bildirdi.

Qayd etilishicha, rezolyutsiyada Isroil tomonidan olib borilayotgan siyosatga nisbatan Xalqaro sudning maslahat xulosasiga tayanilgan. Shuningdek, unda Falastinda olib borilayotgan siyosatga zudlik bilan barham berilishi talab qilinadi.

Hujjatda muddatlar ham ko‘rsatib o‘tilgan, unda «ushbu rezolyutsiya qabul qilinganidan keyin 12 oydan kechiktirmaslik lozim», deya belgilangan.  

Mazkur hujjat 17-sentabrda qayta ish boshlagan BMT Bosh Assambleyasining Sharqiy Yaqin mintaqadagi mojaro bo‘yicha 10-maxsus sessiyasi davomida qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Isroilda vaziyat tobora keskinlashib bormoqda va mamlakat «Hizbulloh» bilan keng ko‘lamli mojaroga yaqinlashib qolgani haqida xabar bergan edi.