Yangiliklar

Hosildorligi past yerlar bog‘dorchilik uchun 30 yilgacha ijaraga beriladi – prezident

Bir martalik subsiyada ham ajratiladi
Foto: Agro.uz

19-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligidagi islohotlar ijrosiga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 112 ming gektarga tindirilgan urug‘, 200 ming gektarga viloyatlararo va tumanlararo navlar navbatma-navbat ekildi.

Shuningdek, 31 ta elita urug‘chilik xo‘jaligi va 6 ta urug‘lik tayyorlash sexidagi davlat ulushini ommaviy savdolarga chiqarish ishlari amalga oshiriladi. 46 ta urug‘chilik korxonasi birlashtiriladi va 13 ta zamonaviy korxona tashkil etiladi. Yangi urug‘lar 2 yilda ekib boriladi.

Endilikda bo‘sh yerlarda mevali bog‘lar, uzumzor va olmazorlar ko‘paytiriladi.

Yerni tayyorlash, ko‘chat olish, ekish va sug‘orish tizimlari o‘rnatish hamda bog‘ hosilga kirguncha 3 yil parvarishlash uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Yangi barpo etilgan bog‘larga 100 % zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar taqdim etiladi.

Foto: President.uz

Kredit bilan birga yer ajratish tizimi ham joriy yo‘lga qo‘yiladi. Mahalliy hokimlar hosildorligi past yerlarda bog‘ barpo etish bo‘yicha taklif kiritadi va ochiq elektron tanlov orqali 30 yil muddatgacha ijaraga yer bilan ta’minlab beriladi.

«Asosiy maqsadimiz qishloq xo‘jaligini ilmiy asoslangan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining eng yaxshi tajribalarini tatbiq qilgan holda rivojlantirish», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident tomonidan paxta va g‘alla yetishtiruvchilar ixtiyoridagi nasoslarni modernizatsiya qilish uchun bir martalik subsidiya ajratish taklifi tasdiqlandi. Bu orqali elektr energiyasi sarfi va sug‘orish vaqtini 60 foizgacha tejash mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident ichki yo‘llarni saqlash xizmati joriy qilinishi haqida ta’kidlagan edi.