Yangiliklar

Kollej va texnikumlarda o‘qishni xohlovchilarga qo‘shimcha imkoniyat berilmoqda

Arizalar 25-sentabrgacha qabul qilinadi
Foto: Yqqedu.uz

Talabgorlar 25-sentabr kuniga qadar my.uzbmb.uz veb-sayti orqali onlayn yoki bevosita ta’lim muassasasining o‘ziga murojaat qilish orqali hujjat topshirishlari mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2024/2025-o‘quv yili uchun kollej va texnikumlarga qabul qilish bo‘yicha bir qator imkoniyatlar taqdim etildi.

Bo‘sh o‘rinlari mavjud kollej va texnikumlarga abituriyentlar test natijalari asosida ikkita mutaxassislik fani mos bo‘lgan tegishli mutaxassislikni tanlashlari mumkin. Bunda fanlar ketma-ketligi hisobga olinmaydi.

Ta’lim tilini o‘zgartirgan holda kollej va texnikumlarning tegishli kasb va mutaxassisliklarini tanlash imkoniyati berildi.

Shuningdek, kirish imtihonlarida ishtirok etib, my.uzbmb.uz elektron platformasi orqali professional ta’lim muassasalarini tanlamagan abituriyentlar ish beruvchilar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq kollej va texnikumlarga dual ta’lim shakli bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi.

My.uzbmb.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tmagan yoki kirish imtihonlarida ishtirok etmagan, biroq kollej va texnikumlarda kechki yoki sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qish istagidagi fuqarolar yozma imtihonlar orqali to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Ma’lumot uchun, kollej yoki texnikumlarning kunduzgi ta’lim shakli uchun abituriyentlar my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn, kechki va sirtqi ta’lim shakllari uchun bevosita kollej va texnikumning o‘ziga murojaat qiladilar.

Shuni hisobga olib, kollej va texnikumlarning 1-kurslari uchun o‘quv jarayoni 2024-yil 2-oktabrdan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kollej va texnikumlarga qabul kvotalari e’lon qilingan edi.