MAGATE o‘zbekistonlik onkologlarning bilimini boyitadi
O‘zbekiston va Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) o‘rtasida Respublika onkologiya markazi mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha kelishuv imzolandi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Hujjatni Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov va Venadagi MAGATE rahbari Rafael Grossi imzoladi. Shu kunlarda Avstriya poytaxtida agentlikning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Grossining ta’kidlashicha, ushbu loyiha onkologik kasalliklarni tashxislash va davolashning zamonaviy usullarini joriy etishga yordam beradi. U Toshkent bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan avgust oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev respublika onkologiya markaziga tashrif buyurgani haqida yozgan edi.