1-dekabrdan Moskva aeroportlarida Rossiyaga kelayotgan chet el fuqarolari uchun foto va daktiloskopik identifikatsiya tizimini sinovdan o‘tkazish boshlanadi. Bu haqda ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tizimning ishlashini tekshirishga qaratilgan vaqtinchalik chora. Sinovlardan so‘ng hukumat va Federal xizmat xavfsizligi tizimni barcha chegara punktlariga kengaytirish bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Moskva mamlakatning eng yirik transport markazi sifatidagi roli tufayli tajriba uchun tanlangan. Shu bilan birga, xuddi shunday nazorat tizimi Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradagi Orenburg viloyatidagi Mashtakovo nazorat-o‘tkazish punktida joriy etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya Davlat dumasi mehnat muhojirlariga o‘z oilalarini olib kelishni taqiqlovchi qonun loyihasini ishlab chiqishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.