Yangiliklar

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston uchun $300 millionlik rivojlantirish dasturini ma’qulladi

1995-yildan buyon bank O‘zbekistonga 12,5 milliard dollar sarmoya kiritdi
Foto: Asian Development Bank

Bugun, 18-sentabr kuni Osiyo taraqqiyot banki tomonidan Oʻzbekistonda mikrokorxonalarning moliya olish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha $300 mln miqdorda sektorni rivojlantirish dasturi ma’qullandi. Bu haqda bankning axborot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, ushbu dastur Oʻzbekiston hukumatining bank xizmatlari bilan qamrab olinmagan yoki yetarli qamrab olinmagan mikrokorxonalari uchun amal qiladi.

«Inklyuziv va barqaror mikromoliyalash sektori Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsish va yangi ish oʻrinlari yaratilishining harakatlantiruvchi kuchi hisoblanmish mikro va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun muhim ahamiyatga ega», dedi OTB ning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo boʻyicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Hozirgi vaqtda davlat tijorat banklari mamlakatning moliya sektorida yirik ahamiyat kasb etadi. Bank tiziming atigi 0,5 foizni inklyuziv moliyani taqdim etuvchi mikromoliya tashkilotlari tashkil qiladi.

«Global Findex» taqdim etgan 2021-yilgi ma’lumotlarga koʻra, voyaga yetgan oʻzbekistonliklarning 44 foizgina rasmiy moliya institutlarida hisob raqamga ega. Ushbu koʻrsatkich Markaziy Osiyodagi oʻrtacha 58 foizni tashkil etuvchi mintaqaviy raqamdan ancha past.

«Oʻzbekiston OTBga 1995-yilda a’zo boʻlgan va oʻshandan beri bank mamlakatga $12.5 mlrd miqdorida qarz, grant va texnik koʻmak taqdim etgan», deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan mikromoliya tashkilotlari tomonidan yuridik shaxslarga xorijiy valyuta koʻrinishida xizmat koʻrsatishi haqida xabar bergan edi.