Yangiliklar

875 nafar nomzod Oliy Majlisga saylovda ishtirok etish uchun ro‘yxatga olindi

Ularning 45 foizi ayollar
Foto: Oliy Majlis

Kutilayotgan saylovda Oliy Majlis quyi palatasi deputatlik mandatlari uchun besh partiyadan jami 875 nafar nomzod kurash olib boradi. Bu haqda O‘zR Markaziy saylov komissiyasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, parlamentdagi besh partiyaning har biri bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha 75 tadan, bitta partiya ro‘yxati bo‘yicha 100 tadan nomzod ko‘rsatdi.

Ro‘yxatga olingan nomzodlarning deyarli 45 foizini (391 nafar) ayollar tashkil etadi.

Bundan tashqari, nomzodlarning o‘rtacha yoshi 47,2 yosh. Deputatlik uchun eng yosh nomzod 25 yoshda. Shuningdek, ular ichida jismoniy imkoniyati cheklangan 11 nafar nomzod ham bor.

Nomzodlarning to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘i o‘qituvchi, beshinchi qismi iqtisodchi bo‘lib ishlasa, qolgan qismi yuristlar, muhandislar va shifokorlardir.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis quyi palatasiga saylov 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Shu kuni O‘zbekiston fuqarolari viloyat, shahar va tuman Kengashlariga deputatlarni saylaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri 39 davlatda Oliy Majlis deputatlari saylovi bo‘yicha saylov uchastkalari ochilishi haqida yozgan edi.