Oliy Majlis Senatining 57-yalpi majlisida psixologik yordam ko‘rsatishga oid qonun loyihasi ma’qullandi, deb xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda 10 ta oliy ta’lim muassasasida «Psixologiya», 19 ta oliy ta’lim muassasasida «Pedagogika va psixologiya» ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, hozirgi kunda maktabgacha ta’lim tizimida 2,5 mingdan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 13 mingdan ziyod pedagog-psixologlar faoliyat olib bormoqda.
«Qonun bilan aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari, vazifalari, turlari, shakllari hamda standartlari belgilanmoqda», deyiladi Senatning rasmiy sahifasida.
Qonun loyihasida belgilanishicha, psixologik yordam ko‘rsatuvchi yuridik shaxs rahbari psixologik ma’lumotga ega bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, psixologik yordam ko‘rsatish standartlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.
Loyihada psixologik oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun qayta tayyorlovdan o‘tishi belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Senat huquq-tartibot xodimlari tasvirlarini «obro‘sizlantirish maqsadida» tarqatishni taqiqlovchi qonunni rad etgani haqida xabar bergan edi.