Yangiliklar

Endi O‘zbekiston haqida nomaqbul so‘zlagan xorijliklarga taqiq qo‘yiladi

Bunday odamlar ro‘yxati yuritiladi
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

O‘zbekiston va uning xalqi sha’nini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar qilgan chet el fuqarosi mamlakat hududiga kiritilmaydi. Bu haqda Senatning 57-yalpi majlisida qonun loyihasi ma’qullandi.

Ma’lum qilinshicha, bunday odamlar ro‘yxati yuritilib, agar bunday shaxslar O‘zbekiston hududida bo‘lsa, chiqarib yuboriladi.

“So‘nggi vaqtlarda ayrim chet el fuqarolari tomonidan O‘zbekiston davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan davlatlararo, milliy, diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqi sha’ni, qadr-qimmati, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar hamda harakatlar sodir etish harakatlari uchrab turibdi», deydi senator Anvar To‘ychiyev.

Ro‘yxatga kiritilgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston hududiga belgilangan muddatga kiritilmaydi va unga nisbatan qator cheklovlar joriy etiladi.

Jumladan, 5 yil davomida O‘zbekiston hududiga kirishi, mamlakat hududida bank hisobvaraqlarini ochishi, ko‘chmas mulk sotib olishi, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etishi, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishi taqiqlanadi.

Agar ro‘yxatga kiritilgan shaxs chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekistonda turgan yoki vaqtincha yashayotgan bo‘lsa, unga mamlakatdan chiqib ketishi uchun 10 kunlik muhlat beriladi.

Ushbu belgilangan muddatda mamlakat hududidan chiqib ketmasa, majburiy tartibda chiqarilib yuboriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oilaviy zo‘ravonlikdan himoya choralari kuchaytirilishiga oid qonun loyihasi ma’qullangani haqida xabar bergan edi.