«Korzinkа» tijorat tarmog‘iga taqsimlash-tarqatuv markazini qurish uchun $25 mln pul mablag‘i ajratildi. Bu haqda «Korzinka» ijtimoiy sahifasida ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu mablag‘ Toshkent – Germaniya Investitsiyalar va rivojlanish jamg‘armasi DEG (Deutsche Investitions und Entwicklungsgesellschaft mbH) tomonidan ajratilgan.
«Mahsulotlarni saqlash va yetkazib berish jarayonlarini optimallashtirish xarajatlarni kamaytiradi, transport tezligini oshiradi va savdo nuqtalarimizga doimo ta’minotni kafolatlashi mumkin», deb izoh berdi «Korzinkа» supermarketlari tarmog‘ining bosh direktori Rudd Pedersen.
Shuningdek, ushbu taqsimlash-tarqatuv markazi 40 ming kv/m maydonni egallaydi. «Korzinkа»ning yangi taqsimot markazi Markaziy Osiyodagi birinchi EDGE sertifikatiga ega logistika markazlaridan biri bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, kompaniya 1996-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu tarmoqning 150 dan ortiq savdo nuqtalari mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan «Korzinka» riteylerini reklama boʻyicha qonunni buzgani uchun aybdor deb topilgani va jarima qo‘llanilgani haqida xabar bergan edi.