Innovatsion rivojlanish agentligi Orol dengizining qurigan tubida uchraydigan muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan amaliy tadqiqot va innovatsion loyihalar tanlovini e’lon qildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi loyiha.ilmiy.uz orqali elektron shaklda qabul qilinadi.
Tanlov doirasida ilmiy ekspertiza natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan texnika, tibbiyot fanlari, veterinariya va chorvachilik, biologiya va biotexnologiya, yer, kimyo, kimyoviy texnologiya va nanotexnologiya, axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish, oʻrmon xoʻjaligi, tuproqshunoslik va oʻsimliklarni himoya qilish fanlari bo‘yicha saralab olinadi.
Tadqiqot shakli va bajarish davri bo‘yicha loyiha qiymati quyidagi miqdorlardan oshmasligi lozim:
Bajarilishi ikki yil bo‘lgan amaliy tadqiqot loyihasi – bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 8 000 barobarigacha;
Bajarilishi uch yil bo‘lgan amaliy tadqiqot loyihasi – BHMning 11 000 barobarigacha;
Bajarilishi bir yil bo‘lgan innovatsion loyihasi – BHMning 5 000 barobarigacha.
Loyihalarni topshirishning oxirgi muddati 2024-yilning 15-oktabr (18:00 gacha).
Tanlov haqida batafsil ushbu havolada o‘qishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turizm qo‘mitasi logotip va shior yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilgan edi.