«Tolibon»ning Oʻzbekistondagi elchisi 28-sentabr kuni Toshkentga keladi, deb xabar berdi Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Amir Xon Muttaqiy.
«Bir qancha boshqa davlatlar ham bizning elchilarimizni qabul qilishga tayyorligini ko‘rsatdi. Biz bu yil davomida davlatlarga yanada ko‘proq diplomatik vakillarni jo‘natishni umid qilamiz», dedi Muttaqiy.
O‘zbekistonga elchi tayinlangani shu yilning avgust oyi oxirida ma’lum bo‘lgan edi. Ushbu lavozimni Abdul Gafar Tiraviy egallagan.
Bundan avval O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov «Tolibon» hukumati vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Afg‘onistondan diplomatik missiya faoliyatini boshlash bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilganini ma’lum qilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qirg‘iziston «Tolibon» harakatini terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarib tashlagani haqida yozgan edi.