Oʻzbekiston fond bozori: qimmatli qogʻozlarning aksariyati haftani salbiy yakunladi
«Toshkent» respublika fond birjasidan (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalar ortda qolgan haftani salbiy koʻrsatkichda yakunladi. Kursiv Uzbekistan hafta davomida RFBdagi qimmatli qogʻozlarning oʻzgarish dinamikasini oʻrganib chiqdi.
13-sentabrdan 20-sentabrga qadar UCI fond indeksi deyarli oʻzgarishsiz qoldi. Mazkur davrda kompaniyalar aksiyalari katta oʻsishni koʻrsatmadi. Eng katta oʻsish «Yangiyoʻl yogʻ-moy» kompaniyasida kuzatilib, aksiyalar 6,62 foizga oʻsishga erishdi. Shuningdek, «Agrobank»ning aksiyalari (4,13 foiz), «Oʻzbektelekom»ning imtiyozli aksiyalari (3,06 foiz) oʻsdi.
Qolgan aksariyat kompaniyalarning aksiyalari esa arzonlashdi. Oʻtgan haftalarda yuqori oʻsishga erishgan «Turonbank»ning aksiyalari birdaniga 40,58 foizga pasayib ketdi. Shuningdek, «Ipoteka bank»ning imtiyozli aksiyalari (9,72 foizga), «Oʻzmetkombinat»ning askiyalari (13,04 foizga) qolganlarga nisbatan koʻproq pasaydi.
21 ta yuqori likvidli aksiyalardan 7 tasi haftani yashil rangda yakunladi. Hafta davomida «Toshkent» respublika fond birjasida 1,9 trln soʻmlik 9,1 mingta bitim amalga oshirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan oltita kompaniyaning qimmatli qogʻozlari yuqori likvidli aksiyalar qatorini tark etgani haqida xabar bergan edi.