Xalqaro qidiruvda boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi Rossiyada qoʻlga olindi
Xalqaro qidiruvda boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi Rossiyaning Leningrad viloyatida qoʻlga olindi. Bu haqda 47channel xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 9-sentabr kuni Namangan viloyati huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushbu shaxs firibgarlik sodir etgani uchun qidiruvga berilgan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan.
19-sentabr kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 16:30 da huquq-tartibot idoralari xodimlari Leningrad shossesi boʻylab harakatlanib ketayotgan 29 yoshli oʻzbekistonlikni qoʻlga olgan.
Nashrning ma’lum qilishicha, u Rossiyaga 2024-yilning mart oyida ishlash maqsadida kelgan. Shuningdek, u migratsiya organlarida roʻyxatga olinmagan boʻlgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya mehnat muhojirlariga oilalarini olib kelishga taqiq qoʻyishi haqida xabar bergan edi.