Qarashlar

Bayden, Tramp va Harris poygasi: yangi prezident Oʻzbekiston bilan qanday aloqa oʻrnatadi

AQSh — Oʻzbekiston aloqalari har doim istiqbolini taxmin qilish qiyin mavzulardan biri bo‘lib kelgan
Foto: yalcinsonat1 / depositphotos.com

Dunyoning eng qudratli davlatlardan beri Amerika Qoʻshma Shtatlarida joriy yilning 5-noyabr kuni prezidentlik saylovi boʻlib oʻtadi. Bu mamlakat tarixidagi 60-saylov boʻlib, unda mamlakatning 47-prezidenti saylanadi. Dunyoda oʻz taʼsir kuchiga ega boʻlgan davlatning saylovoldi jarayonlari jahon hamjamiyatini oʻziga qaratmasdan qolmayapti. Baydenning poygadan chiqishi, Trampga qilingan suiqasd, asosiy nomzoddan biriga aylangan Harris voqealar qizigandan qizimoqda. Kursiv Uzbekistan mamlakatdagi saylovoldi hodisalariga eʼtibor qaratdi.

Baydenning «oʻyindan» chiqishi

Foto: Palinchak / depositphotos.com

27-iyul kuni Jo Bayden va Donald Tramp oʻrtasida boʻlib oʻtgan ilk debatga qadar Bayden gʻalaba qozona olishini ishonch bilan aytib kelayotgan edi. Lekin oʻsha kungi debatlar voqealar rivojini butunlay oʻzgartirib yubordi. Ikki nomzod oʻrtasidagi yosh unchalik farq qilmasa ham raqiblar oʻrtasidagi tafovut ancha katta boʻlib koʻrindi.

Debat chogʻida Tramp uning prezidentlik davrida Rossiya Ukrainaga bostirib kirmaganini, AQSh qoʻshinlarining Afgʻonistondan olib chiqilishi esa Putinga bu borada qatʼiylik berganini bir necha bor taʼkidladi. Sobiq prezidentning fikricha, Bayden siyosati uchinchi jahon urushiga olib kelmoqda. Oʻz navbatida Jo Bayden Trampning Ukrainaga yordam berishni istamasligi, Vladimir Putinni NATOga aʼzo davlatlarga bostirib kirishga undashini taʼkidladi.

2023-yilda Bayden saylovda qaynashish istagini maʼlum qilgandan keyin uning sogʻligʻi haqida xavotirlar paydo boʻlgan edi. Bu xavotirlar debatdan keyin yana ham kuchayib ketdi. Baydenning faoliyati koʻpchilik tomonidan tanqid qilindi. Mutaxassislar uning fikrlash qobiliyatini yoʻqotib, chalkash javoblar bergani, bir necha bor statistik maʼlumotlarni eslay olmagani, oʻz fikrlarini izchil ifoda eta olmaganini aytdi. Keyinchalik Bayden boshqa demokratlardan poygadan chiqish chaqiriqlariga duch keldi. 19-iyulga kelib 30 dan ortiq yuqori martabali demokratlar uni saylovdan chiqishga chaqirdi.

21-iyul kuni u oʻzining X (sobiq Twitter) sahifasida poygadan chiqishini ma’lum qildi.

«Prezidentingiz sifatida xizmat qilish hayotimdagi eng katta sharafdir. Men qayta saylanish niyatida boʻlsam-da, oʻz partiyam va mamlakatim manfaatlariga koʻra, nomzodimni rad etishim va qolgan muddat davomida faqat prezidentlik vazifamni bajarishga eʼtibor qaratishim kerak deb hisoblayman», deydi amaldagi prezident.

Shundan soʻng Bayden vitse-prezident Kamala Harrisni demokratik partiyadan AQSh prezidentligiga nomzod qilib koʻrsatishni taklif qildi va amerikaliklarni Harrisni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.

Kamala Harris aslida kim?

Foto: Sheilaf2002 / depositphotos.com

Kamala Harris 1964-yil 20-oktabrda Kaliforniyaning Oklend shahrida tugʻilgan. Uning onasi Shyamala Gopalan 19 yoshida Hindistondan AQShga kelgan. Harrisning ona tomondan bobosi Hindiston mustaqilligi uchun kurashgan yuqori martabali davlat amaldori boʻlgan.

Kamalaning otasi Donald Harris yamaykalik boʻlib, u iqtisodchi va Stenford universitetining iqtisodiyot boʻlimiga tayinlangan birinchi qora tanli akademik, keyinchalik faxriy professor boʻlgan.

Harris oʻrta maktabni tugatgach, Vashingtonga koʻchib oʻtdi va 1982-yilda tarixan qora tanlilar oʻqigan Govard universitetiga oʻqishga kiradi. U yerda u siyosatshunoslik va iqtisod boʻyicha tahsil oldi. Govardni tugatgandan soʻng Harris San-Fransiskodagi Kaliforniya universitetidagi asosan oq tanlilar tahsil oladigan Gastings yuridik kollejida oʻqishni davom ettirdi.

1990-yilda Harris Alameda okrugi prokurorining yordamchisi boʻlib ishlay boshladi. Sakkiz yildan soʻng u San-Fransiskodagi bolalar va oila boʻlimida tuman prokurori yordamchisi lavozimini egalladi.

2011-yilda Harris Kaliforniya bosh prokurori lavozimida ishlagan birinchi ayol va birinchi afroamerikalik boʻldi. Harrisning bosh prokuror sifatidagi yutuqlaridan biri politsiya masʼuliyatini yaxshilash uchun jinoyat va jinoiy odil sudlov statistikasini taqdim etuvchi «Ochiq adolat» onlayn platformasini yaratish boʻldi. 2015-yilda Kaliforniya senatori Barbara Bokser iste’foga chiqishini eʼlon qildi. Ikki demokrat — Harris va Lorretta Sanches bu oʻrin uchun kurashning yakuniy bosqichiga kirishdi va respublikachi nomzodlardan oldinga oʻtishga muvaffaq boʻlishdi. XX asrning oxiridan beri Kaliforniya «koʻk», ya’ni demokratik Shtat boʻlib kelgan.

2016-yilda Harris tarixdagi birinchi afroamerikalik senatorga aylandi. Senatda Harris Milliy xavfsizlik va hukumat ishlari boʻyicha qoʻmita, razvedka boʻyicha tanlangan qoʻmita, sud-huquq qoʻmitasi va budjet qoʻmitasi aʼzosi boʻlib ishlagan.

2019-yilda Harris AQSh prezidentligiga nomzodini qoʻydi. Ammo keyinchalik Harris poygadan chiqib ketdi va Jo Bayden davridagi vise-prezidentga aylandi. U ushbu lavozimda koʻplab irqchilik bilan tanqidlarga duch keldi. 2020-yil oxirida Time jurnali Jo Bayden va Kamala Harrisga «Yil odami» unvonini berib, ikkala siyosatchining suratini muqovaga joylashtirdi. Vitse-prezident sifatida Harris janubiy chegaradagi migratsiya muammolari, ovoz berish huquqlarini himoya qilish va abort huquqlarini himoya qilish kabi masalalarni nazorat qilgan.

Joriy yilning 21-iyul kuni Bayden partiya manfaatlarini koʻzlab, oʻz nomzodini qaytarib olishini maʼlum qildi. Harris prezidentlikka nomzodini qoʻyish niyatida ekanligini maʼlum qildi. Birinchi haftada Harris oʻzining saylovoldi kampaniyasi uchun $200 million toʻplashga muvaffaq boʻldi, shundan 66 foizi yangi donorlarning xayriyalari edi. Ikki haftadan kamroq vaqt ichida Harris demokrat delegatlarning kerakli miqdordagi ovozini oldi va 6-avgust kuni Demokratik partiya uni rasman davlat rahbari lavozimiga nomzod sifatida koʻrsatdi.

Biz bilgan Tramp

Foto: gints. ivuskans / depositphotos.com

AQShning 45-prezidenti Donald Tramp 2016-yil 9-noyabrida barcha prognozlarni yoʻqqa chiqargan holda saylovoldi kampaniyasida favoritlik qilgan demokratlar nomzodi Hillari Klintonni ortda qoldirib gʻalaba qozongan edi.

Immigratsiya siyosati esa Donald Trampning tashrif qogʻoziga aylandi. Donald Tramp prezidentlik davrining boshidanoq AQSHga muhojirlarni qabul qilishga cheklovlar qoʻyishni boshladi. Tramp jinoiy oʻtmishga ega boʻlgan noqonuniy muhojirlarni ommaviy ravishda mamlakatdan chiqarib yuborish, Meksika bilan chegarada devor qurishni boshlash va muhojirlarni federal organlarga topshirishdan bosh tortgan shaharlarni moliyalashtirishdan quruq qoldirishni nazarda tutuvchi immigratsiya va chegarani qoʻriqlash toʻgʻrisidagi farmonlarni imzoladi. Donald Tramp davrida «grin karta»larni ham berishga cheklovlar qoʻyildi.

Shuningdek, Tramp davrida AQSHning Xitoy bilan munosabatlari faqat yomonlashdi. Xitoy kompaniyalarning AQSHda ishlashini taqiqlash, sanksiyalar qoʻllash, AQShdagi Xitoy elchixonalarini yopish orqali Donald Tramp Xitoy bilan savdo urushi olib bordi. Umuman olganda Trampning birinchi (ikkinchisiga saylanishi mumkin) prezidentlik davri koʻplab bahsli voqealar bilan esda qoldi. 2020-yilda boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlarida prezidentlik kursini demokratik partiyasidan boʻlgan Baydenga boʻshatib berdi. 2024-yilda saylovda Tramp yana bir oʻz nomzodini prezidentlikka qoʻydi.

13 iyul kuni Trampga Pensilvaniyadagi tarafdorlari bilan uchrashuv vaqtida nomaʼlum shaxs tomonidan oʻq uzilib, suiqasd uyushtirildi. Qaysidir maʼnoda uyushtirilgan suiqasd Trampning foydasiga ishladi.

Prezidentlik saylovidan keyin Oʻzbekiston va AQSh munosabatlari qaysi tomonga oʻzgaradi?

Foto: OnePixelStudio / depositphotos.com

AQSh — Oʻzbekiston aloqalari har doim istiqbolini taxmin qilish qiyin mavzulardan biri boʻlib kelgan. Kursiv Uzbekistan bilan suhbatda boʻlgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi yetakchi mutaxassisi, tarixchi Muhammadqodir Sobirovning soʻzlariga koʻra, rasmiy Vashington uchun nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasi ham prioritet oʻlka emas.

«Lekin 2022-yil fevraldan vaziyat oʻzgardi. Rossiyaning Ukrainga bostirib kirishi va unga nisbatan xalqaro sanksiyalar qoʻllanishi Markaziy Osiyo mamlakatlarini muhim oʻyinchilarga aylantirdi. Rossiya aynan ular orqali sanksiyalarni chetlab oʻta boshladi. Bu esa Gʻarbda norozilik uygʻotmoqda, biroq ular mintaqa davlatlariga bosim oʻtkazish, ularning butkul Rossiya tomonga oʻtib ketishiga sabab boʻlishidan xavfsiraydi va muzokaralar orqali ularni Moskvada uzoqlashtirishga harakat qilyapti», dedi mutaxassis.

Eksportning taʼkidlashicha, AQShdagi saylovlarda kim gʻalaba qozonishi, katta ehtimol bilan Vashingtonning tashqi siyosatiga jiddiy taʼsir oʻtkazmaydi.

«Bu mintaqada keskin oʻzgarishlar qilishga hojat yoʻq va bu xavfli. Tramp prezident boʻlgan taqdirda ham baribir hozirgi siyosati davom ettiradi. Uning saylovoldi vaʼdalariga qaraganda, Markaziy Osiyo mamlakatlariga eʼtibor biroz pasayadi ham. Donald muammoni asosiy oʻyinchi — Rossiya bilan hal qilishga urinmoqchi va u boshqa kichik oʻyinchilarga vaqt ketkazmoqchi emas», deydi Sobirov.

Oʻzbekiston shubhasiz, Markaziy Osiyoning asosiy davlatlaridan biri. Tramp davrida Oʻzbekiston prezidenti 16 yillik tanaffusdan soʻng ilk bor AQSHga tashrif buyurdi va Amerika prezidenti bilan uchrashdi (biroq bu koʻproq 2016-yildan keyin tashqi vektorni oʻzgartirgan Oʻzbekiston tomonining tashabbusi boʻldi). Afgʻoniston borasida ham Oʻzbekiston va AQSh bir xil pozitsiyani egalladi hamda ittifoqchilarga aylandi. Buni AQSh — Oʻzbekiston — Afgʻoniston uch tomonlama uchrashuvlari tasdiqlaydi.

Bayden davrida esa aloqalar ancha qalinlashdi. 2023-yil sentabrda Nyu-Yorkda birinchi Markaziy Osiyo — AQSh davlat rahbarlari sammiti boʻlib oʻtdi. Unda qatnashgan Bayden oʻlka davlatlarining terrorizmga qarshi kurashdagi oʻrnini alohida taʼkidladi va albatta, Rossiya omilini ham qayd etdi.

AQSH oʻz ittifoqchilarini ham Markaziy Osiyoga, jumladan, Oʻzbekistonga koʻproq eʼtibor qaratishga undamoqda. Xususan, 29 yillik tanaffusdan soʻng Fransiya prezidenti Oʻzbekistonga keldi, tarixda birinchi marta Germaniya kansleri Toshkentga tashrif buyurdi. Ammo hozircha AQShning oʻzi bunday qadam tashlashga shoshilgani yoʻq.

«AQShdagi saylovlarda qaysi tomon gʻalaba qozonishidan qatʼiy nazar Oʻzbekiston bilan munosabatlarda katta oʻzgarish kuzatilmaydi. Biroq Tramp boshliq respublikachilar Oq Uyga kelishi hozirgi aloqalar darajasini biroz tushirishi, Trampning migrantlar bilan bogʻliq siyosati ikki oʻrtada noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin», deydi Sobirov.