Isroil qurolli kuchlari (SAXAL) o‘zining Telegram kanalida ma’lum qilishicha, 2023-yil kuzidan boshlab Livan «Hizbulloh» guruhining bir necha yuz a’zosi SAXAL tomonidan yo‘q qilingan.
«Biz 600 dan ortiq terrorchini yo‘q qildik, ularning o‘nlab kishisi «Hizbulloh» tashkilotining oliy harbiy rahbariyatiga mansub edi. «Hizbulloh» to‘layotgan narx tobora oshib bormoqda, bizning hujumlarimiz esa yanada kuchayadi,» deb ta’kidlandi xabarda.
Unda aniqlik kiritilishicha, Isroil 2023-yil oktabr oyida urush boshlanganidan beri «Hizbulloh»ga hujumlarni boshlagan.
SAXAL, shuningdek, so‘nggi bir necha kun ichida «Livandagi yuzlab terroristik obyektlarga» hujum uyushtirilganini ta’kidladi.
«Aytish kerakki, bizda hali qo‘llanilmagan imkoniyatlar ko‘p. Biz hujumda ham, himoyada ham keyingi qadamlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganmiz va ularni yaqin kunlarda amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz,» deya qo‘shimcha qildi Isroil.
2023-yil 7-oktabr kuni Falastinning HAMAS guruhi Isroil hududiga bostirib kirib, odamlarni garovga oldi. «Hizbulloh» Isroilga qarshi urushda HAMASni qo‘llab-quvvatlaydi.
Kursiv Uzbekistan sentabr oyining ikkinchi o‘n kunligi oxirida Isroil Livan janubiga hujum qilgani haqida yozgan edi.