Yangiliklar

Noruda konlardan noqonuniy hamda samarasiz foydalanish ko‘payib bormoqda – prezident

2023-yilda 6 mln kub metr noqonuniy qazilma aniqlangan
Foto: AGMK

Prezident boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda noruda konlardan noqonuniy hamda samarasiz foydalanish ko‘payib borayotgani ta’kidlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

2023-yilda 6 mln kub metr noqonuniy qazilma aniqlangan hamda ushbu qazilmalardan 17 mlrd so‘m qo‘shimcha soliq undirilgan.

Bundan tashqari, marksheyder mutaxassislar yetarli bo‘lmagani sabab yer qa’ridan foydalanuvchilarning atigi 36 foizi monitoring qilinmoqda.

Ta’kidlanishicha, nazoratni kuchaytirish maqsadida noruda qazilmasidan tushumning 3 foizi Soliq qo‘mitasi jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Buning evaziga qo‘mitaga har kuni 2 ta marksheyder jalb etish hamda videokuzatuv moslamalari o‘rnatish orqali nazoratni kuchaytirish topshirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) Muruntov oltin konini modernizatsiya qilish uchun $23 milliondan ortiq sarmoya kiritishi haqida xabar bergan edi.