Yangiliklar

Oʻzbekistonda Yandex Cup xalqaro dasturlash chempionati boʻlib oʻtadi

Sovrin jamgʻarmasi 1,75 milliard soʻmni tashkil qiladi
Foto: Yandex

Oʻzbekistonda Yandex Cup xalqaro dasturlash chempionati boʻlib oʻtadi. Bu haqda kompaniya Kursuv Uzbekistan’ga maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, bu yilgi musobaqada Yandex xodimlari ham ishtirok etib, kompaniya chempioni unvoni uchun alohida kurash olib boradi. Turnirning sovrin jamgʻarmasi esa 1,75 milliard soʻmni tashkil qiladi.

Yandex Cup 2024 qatnashchilariga olti yoʻnalish — Analitika, frontend va bekend dasturlash, mobil ishlab chiqish, mashinali oʻrganish va sport dasturlashga bagʻishlangan «Algoritm» boʻyicha kurash olib boradi. Qatnashchilar bir nechta yoʻnalishda oʻz kuchlarini sinab koʻrishlari va yarim finalga kelib, eng mos yoʻnalishni tanlashlari mumkin boʻladi.

Musobaqa uchta bosqichdan iborat boʻlib, 4–20-oktabr kunlari onlayn saralash oʻtkaziladi, 2-noyabrda esa onlayn yarim final boʻlib oʻtadi. Final va ishtirokchilarni taqdirlash marosimi 2-6-dekabr kunlari Toshkentda boʻlib otishi rejalashtirilgan.

Yandex Cup 2024 musobaqasining muhim yangiligi — Gold-final boʻlib, unda strim gʻoliblari, shuningdek, Yandex xodimlari har bir yoʻnalish boʻyicha mutlaq chempionlik uchun kurashadi.

Musobaqada ishtirok etish uchun arizalar 20-oktabrgacha amalga mumkin. Har bir yoʻnalishda eng yaxshi natija koʻrsatgan ishtirokchilar Yandexʼda soddalashtirilgan tartibda suhbatdan oʻtish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Maʼlumot uchun, Yandex 2011-yildan buyon turli dasturlash musobaqalari oʻtkazib keladi. 2023-yilda Yandex Cupʼda ishtirok etish uchun 70 mamlakatdan 16 mingdan ortiq kishi ariza bergan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex taksi yangi tarifni ishga tushirgani haqida xabar bergan edi.