Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston hududida yashamaydigan qushlarni noqonuniy olib kirishga urinishning oldi olindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Vyetnamdan kelgan yo‘lovchining bagajida deklaratsiya qilinmagan 12 ta noyob qush borligi aniqlangan. Mevalar orasiga yashirilgan qushlar zarur ruxsatnomalarsiz va yomon sharoitda olib kelingan, natijada ulardan uchtasi nobud bo‘lgan.
Mutaxassislar qolgan qushlarning ahvolini og‘ir deb baholadi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, qushlarning umumiy qiymati 60 mln so‘mdan oshadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyaning Chelyabinsk viloyatidagi korxonalar O‘zbekistonga bir kunlik jo‘jalar partiyasini jo‘natgani haqida xabar bergan edi.