2025-yil oxirigacha 1,5 mln nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish rejasi tasdiqlandi
Prezident 2024-yilning qolgan davrida 500 ming, 2025-yilda 1 mln nafar aholini kambagʻallikdan chiqarish bo‘yicha farmonni qabul qildi. Bu haqda Huquqiy axborot Telegram kanali ma’lum qildi.
Unga koʻra, bu barcha davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.
«Kambagʻallikdan farovonlik sari» dasturi amalga oshiriladi va bu boʻyicha respublika komissiyasi tashkil qilinadi.
Dastur 2024-yil 1-noyabrdan «Kambagʻal oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat» tamoyili bilan yo‘lga qo‘yiladi.
Dastur doirasida barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish, ta’lim olish va kasb-hunar oʻrganish, kafolatlangan davlat tibbiy xizmatidan foydalanish, yashash sharoitlarini yaxshilash va boshqa ishlar orqali kambag‘allikni qisqartirishga erishiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2000-yildan beri necha mln kishi kambag‘allikdan chiqqani haqida yozgan edik.