Shavkat Mirziyoyev 24-sentabr kuni kasbiy ta’limni rivojlantirish va milliy malaka tizimini isloh qilishga oid takliflar taqdimotini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi ma’lum qildi.
Hozirda 333 ta kasb-hunar maktabi, 227 ta texnikum va 112 ta kollej bor. Endi ushbu 3 turdagi muassasalar negizida texnikumlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha taklif berildi.
Shuningdek, 600 ta texnikum tashkil etiladi. Bo‘shaydigan 71 ta muassasa binosi maktablarga aylantiriladi. Bu orqali 42 mingta yangi o‘quvchi uchun o‘rin yaratiladi.
Endi kollejlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan boshqariladi.
Texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilib, tajriba tariqasida, 14 ta texnikumda Angliyaning «BTEC» dasturi ishga tushiriladi. Bitiruvchilarga 70 ta davlatda tan olinadigan diplom beriladi. Shu bilan birga, ularda 200 dan ortiq xorijiy universitetlarga kirish imkoni paydo bo‘ladi.
Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish respublika kengashi tarkibida 24 ta yangi tarmoq kengashlari tashkil etilib, unga bosh vazir raislik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kollej va texnikumlarda o‘qishni xohlovchilarga qo‘shimcha imkoniyat berilgan edi.