Iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash choralari e’lon qilingandan so‘ng Xitoyda aksiyalar narxi keskin ko‘tarilmoqda
Xitoy Xalq banki tomonidan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashi haqidagi xabarlar fonida XXR aksiyalari narxi oshdi, deb xabar berdi Bloomberg.
Regulyator umumiy qiymati $5,3 trillionlik ipoteka kreditlari bo‘yicha imtiyozlar joriy etishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Xitoyda banklar uchun zaxira talablari ham pasaytiriladi. Boshqa chora-tadbirlar qatorida: aksiyalar bozorida likvidlikni qo‘llab-quvvatlash uchun $113 mlrd ajratish.
24-sentabr, seshanba kuni savdolar yopilganda CSI 300 indeksi 3,3 ming punktdan oshib, 4,3 foizga ko‘tarildi. Hang Seng China Enterprises qariyb 5 foizga o‘sib, 6,6 ming punktga yetdi.
Iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar paketi Xitoyga mamlakat yalpi ichki mahsulotining 5 foizga o‘sishiga erishish imkonini berishi kutilmoqda. Biroq, ko‘chmas mulk bozoridagi deflyatsion bosim va inqiroz vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yil sentabr oyi o‘rtalarida Hindiston ilk bor MSCI aksiyalari asosiy indeksi bo‘yicha Xitoydan o‘tib ketgani haqida yozgan edi.