Yangiliklar

Isroil «Shimol o‘qlari»ni «Hizbulloh»ga qarshi otdi

SAXAL Livanda operatsiyani boshladi
Rasm: Saxal

Isroil armiyasi Livandagi «Hizbulloh» pozitsiyasiga hujum boshladi. Bu haqda SAXAL Bosh shtabi boshlig‘i general-leytenant Gersi Xalevi ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, operatsiyaning asosiy maqsadi «Hizbulloh» so‘nggi 20 yil davomida qurgan harbiy infratuzilmani yo‘q qilishdir.

«Biz obyektlarga zarba beryapmiz va operatsiyaning keyingi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz, uning tafsilotlarini keyinroq aytib beraman. Bizning vazifamiz Isroilning shimoliy hududlari aholisining o‘z uylariga xavfsiz qaytishi uchun sharoit yaratishdir» – deya qo‘shimcha qildi Xalevi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu avvalroq «Hizbulloh» nazorati ostidagi hududlarda yashovchi livanliklarni jangovar harakatlar hududini tark etishga chaqirgan edi.

Uning ta’kidlashicha, «Hizbulloh» uzoq vaqt davomida Isroil shaharlariga qarshi qaratilgan turar-joy binolari va yerto‘lalarga raketalarni joylashtirish orqali tinch aholidan jonli qalqon sifatida foydalangan.

23-sentabr kuni ertalab Isroil harbiy-havo kuchlari Livan hududidagi «Hizbulloh» bilan bog‘liq bo‘lgan obyektlarga zarba berdi.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, ushbu hujumlar natijasida kamida 492 kishi halok bo‘lgan, mingdan ortiq kishi yaralangan.

«Hizbulloh» Isroilga 200 dan ortiq raketa uchirdi, yaradorlar bor.

SAXAL operatsiyasi «Shimol o‘qlari» deb nomlandi.