Xokkey klublar uchun foyda solig‘i uch yil muddatga 50 foizga kamaytiriladi
Joriy yiling 23-sentabrda O‘zbekistonda xokkey sport turini rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, PQ-334-son qarorga muvofiq kelgusi yildan boshlab har yili xokkey sport turi bo‘yicha ekspert mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar bilan seminar-treninglar tashkil etiladi.
Shuningdek, «Sport faoliyati (xokkey)» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalarining xokkey klublari sport bazalarida amaliyotini tashkil etish choralari ko‘riladi.
Bundan tashqari, xokkey federatsiyasi hamda ushbu sport turi bo‘yicha boshqa klublar uchun foyda solig‘i 3 yil muddatga 50 foizga kamaytiriladi.
Ushbu klub hamda tashkilotlarga yuridik shaxslar tomonidan yo‘naltiriladigan homiylik xayriyalari summasi foyda solig‘ini hisoblashda soliq solinadigan bazadan chegirib tashlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda «Humo» xokkey klubi «Brest» ustidan ishonchli g‘alabaga erishgani haqida xabar bergan edi.