Yangiliklar

Qoraqalpog‘istonga 18 kg dan ziyod sintetik giyohvandlik moddasi olib kirilishi fosh etildi

Ikki dona ovoz kuchaytirgich ichidan 36 dona polietilen paketda giyohvandlik moddalari aniqlandi
Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

Qoraqalpog‘iston bojxona boshqarmasi «Dovut-ota» chegara bojxona postida sof og‘irligi 18 kg dan ziyod sintetik giyohvandlik moddasini olib kirishga urinish fosh qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati bosh inspektori Husan Tangriyev o‘z ijtimoiy sahifasida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ushbu post orqali mamlakatga kirib kelgan Lada-Largus avtomashinasida 2 dona ovoz kuchaytirgich ichidan 36 dona polietilen paketda giyohvandlik moddalari aniqlandi.

Dalil sifatida olingan oq rangli, kukunsimon moddalar laboratoriya xulosasiga ko‘ra, mefedron sintetik giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlandi.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«Eslatib o‘tamiz, mefedron O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi taqiqlangan giyohvand moddalar ro‘yxatiga kiritilgan», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda giyohvandlik vositalarini yetishtirganlar qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.