Banklarni sanatsiya qilish tizimi joriy etiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan «Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, banklarni sanatsiya qilish tizimi to‘lovga qobiliyatsiz banklarni iqtisodiyot va bank tizimiga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda omonatchilar va kreditorlar manfaatlarini himoya qilish imkonini beradi.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan Markaziy bank banklarni sanatsiya qilish va tugatish bo‘yicha vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda.
Ushbu qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan bo‘lib, qonunda banklarni sanatsiya qilish maqsadlari va prinsiplari, banklarni sanatsiya qilish bo‘yicha vakolatli davlat organi hamda banklarni ixtiyoriy va majburiy tugatish tartibi aks ettirilgan.
«Qonun loyihasi siyosiy partiyalarning fraksiyalari yig‘ilishi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilmoqda», deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan bank-moliya sohasida kiberxavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan qonun imzolangani haqida xabar bergan edi.