Yangiliklar

Toshkentda ikkita yoʻlovchi avtobusi toʻqnashib ketdi

Hodisa natijasida tan jarohati olganlar yoʻqligi aytildi
Foto: Telegram / Tashkent_land

Toshkent shahar Yangihayot tumanida «Yutong» rusumli ikkita avtobus toʻqnashib ketdi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, hodisa 25-sentabr kuni soat 06:45 atrofida sodir boʻlgan. 117-sonli avtobus Yangihayot tumani Xonabod koʻchasi boʻylab harakatlanib, tartibga solinmagan temiryoʻl kesishmasiga yetmasdan Quruvchilar koʻchasi «Ulgurji bozor» bekatiga burilayotgan vaqtda 55-sonli yoʻnalish avtobus bilan toʻqnashuv sodir etgan.

«Ushbu yoʻl-transport hodisasi natijasida tan jarohati olganlar yoʻq, avtobuslar texnik shikastlangan», — deyiladi xabarda

Hozirda holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» AJ Harakat xavfsizligini nazorat qilish boʻlimi tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilishi belgilandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Poytaxtda 12 ta avtobus yoʻnalishi vaqtincha oʻzgarishi haqida xabar bergan edi.