Uzbekistan Airways ikki turdagi yangi Airbus samolyotlarini lizing asosida oladi

eʼlon qilindi
Airbus A320/A321 NEO havo kemalarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi
Foto: Uzbekistan Airways

Joriy yilning 24-sentabr kuni Uzbekistan Airways SMBC Aviation Capital bilan 2026-yilga mo‘ljallangan Airbus A320/A321 NEO havo kemalarini yetkazib berish bo‘yicha lizing shartnomaga imzo chekdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Airbus A321 NEO avialaynerlari Uzbekistan Airways uchun yangi turdagi havo kemasi bo‘lib, aviakompaniyaga Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo yo‘nalishlarini kengaytirish imkonini taqdim etadi.

Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov kompaniya kelgusida Markaziy Osiyo mintaqasida aviatashuvlar borasida yetakchi kompaniya bo‘lishini maqsad qilganini ta’kidladi.

«Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Markaziy Osiyo mintaqasida aviatashuvlar bo‘yicha yetakchi bo‘lishni o‘z oldiga katta maqsad qilib qo‘ygan. Yo‘nalishlar tarmog‘ini doimiy ravishda kengaytirish, parvozlar sonini ko‘paytirish va ularni yangi Airbus A320/A321 NEO oilasiga mansub havo kemalarida samarali amalga oshirish rejalashtirilgan», dedi Shuhrat Xudoyqulov.

SMBC Aviation Capital aviatsiya marketingi bo‘limi rahbari, Konor Stafford ham kompaniya bilan hamkorlikdan mamnun ekanligini hamda kelgusida uzoq muddat hamkorlik qilishdan umid qilayotganini ma’lum qilgan.

«Biz Uzbekistan Airways aviakompaniyasini SMBC Aviation Capital’ning yangi mijozi sifatida qutlashdan mamnunmiz va uzoq muddatli hamda muvaffaqiyatli hamkorlikka umid qilamiz», dedi Konor Stafford.

Ma’lumot uchun, SMBC Aviation Capital aviakompaniyalarning yuqori sifatli global mijozlar bazasiga ega bo‘lib, uning portfeli 83% tor fyuzelyajli havo kemalar va 66% yangi texnologik havo kemalardan iborat (sof balans qiymati bo‘yicha).

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Uzbekistan Airways Samarqanddan Irkutskka parvozlarni yoʻlga qoʻygani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek