Basketbol federatsiyasi mutasaddilari o‘zaro til biriktirgan holda jami 489 mln so‘m pul mablag‘ini noqonuniy o‘zlashtirgan. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, federatsiya ijrochi direktori Y.S. is boshqaruvchisi S.I. bilan jinoiy til biriktiradi. So‘ng, S.I.ning onasi va ukasi nomiga «S.A.G.» MCHJ tashkil qilib, sportchilar sogʻligʻini nazorat qilishda foydalaniladigan 2 dona (aslida yetkazib berilmagan) maxsus uskunalar sotib oladi. Buning uchun federatsiyadan 197 mln. soʻm mablagʻ ajratiladi.
Shuningdek, federatsiyaning 1-vitse prezidenti X.G. federatsiyaning korporativ plastik kartasidan noqonuniy ravishda shaxsiy ehtiyojlari uchun 162 mln soʻm, homiylarni jalb qilish xizmatlari uchun esa 130 mln soʻm mablagʻlari talon-toroj qilingan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazildi va sudning hukmi bilan aybdorlarga tegishli jazo choralari qoʻllanildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq suzishga ajratilgan milliardlar Turkiyada dam olishga sarflangan edi.