Yangiliklar

Hamster Kombat tokenlarining noqonuniy aylanmasi ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin – ILMA

Tokenlarning noqonuniy muomalasi uchun 10,2 million so‘mgacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinlanishi mumkin
Foto: Mehaniq / Depositphotos

Hamster Kombat tokenlarining noqonuniy aylanmasi ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin. Bu haqda Oʻzbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) xabar berdi.

Regulyatorning ma’lum qilishicha, qonun nuqtai nazaridan mashhur Hamster Kombat tokenlari kriptovalyuta aktivlari hisoblanadi. Ularni sotib olish va sotish faqat litsenziyalangan kriptobirja va kriptodoʻkonlarda sotish mumkin.

Tokenlarning noqonuniy muomalasi uchun 10,2 million soʻmgacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Agar huquqbuzarlik yana takrorlansa, jinoiy javobgarlik qoʻzgʻatilishiga ham sabab boʻlishi mumkin.

Shu bilan birga, ushbu turdagi tokenlar juda oʻzgaruvchan boʻlib, aksariyat hollarda foydali funksionalligi yoʻqligi sababli roʻyxatga kiritilgandan soʻng qisqa vaqt ichida qadrsizlanishi ta’kidlandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Hamster Kombat tokenlari sotuvga chiqarilishi haqida xabar bergan edi.