Muzeydan restorangacha: g‘or turizmi haqida nimalarni bilasiz

eʼlon qilindi
Yiliga 150 millionga yaqin turistlar 100 dan ortiq mamlakatlardagi g‘orlarga tashrif buyuradi
Foto: Algarexperience.com

G‘orlar o‘ziga xos tabiat mo‘jizalari bo‘lib, turizm yo‘nalishlari orasida talab yuqoriligi bilan ajralib turadi. Turistik maskanlarning ushbu shakli butun dunyoda birinchi navbatda daromad manbayi, qolaversa, o‘sha davlatning sayyohlar oqimini oshiruvchi «dvigatel»dir. Sayyohlar asosan sarguzasht, ta’lim, ijtimoiylashuv, dam olish va ilmiy maqsadlarida g‘orlarga sayohat uyushtiradi. To‘g‘ri foydalanilsa, g‘orlar turizm sohasi uchun juda muhimdir. Chunki u mezbon jamoaning ijtimoiy va iqtisodiy farovonligini yaxshilaydi, shuningdek, biologik xilma-xillik va atrof-muhitni saqlashda ham xizmat qiladi.

G‘or turizmining kelajagi bormi?

G‘or turizmi turizmni rivojlantirish uchun tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Sayyohlar g‘orlarga o‘ziga xos tabiiy landshaft xususiyatlari uchun tashrif buyuradi. G‘orlar tabiat va ekoturizmning bir qismi bo‘lib, dunyoning turli burchaklaridan sayyohlarni jalb qilishga qodir maskandir. Bu tabiiy landshaftlar har qachon sayyohlar uchun maftunkor va qimmatli bo‘lib kelgan. Yaqin va uzoq kelajakda ham bu qiymat oshib borgani sari, unga qiziquvchi turistlar oqimi ham ortib bormoqda.

Foto: Tehrantimes.com

G‘or turizmining ijobiy ta’siri

Har yili 100 dan ortiq mamlakatlardagi g‘orlarga 150 millionga yaqin turistlar sayohat qiladi. G‘or turizmi turizm sanoatida to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita chakana savdo va transport kabi sohalarda ish o‘rinlarini yaratadi. Turizm industriyasi kichik biznes korxonalari uchun ham bir qator imkoniyatlar yaratadi. Ayniqsa, qishloqlarda muhim ahamiyatga ega va maktablar, uy-joylar va shifoxonalar uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan aeroport va mehmonxona soliqlari kabi qo‘shimcha soliq tushumlarini keltirib chiqaradi.

Dunyoning mashxur g‘or turistik maskanlari

Foto: Vhb.com

Mamont g‘ori milliy bog‘i. Ushbu ajoyib milliy bog‘ AQShda joylashgan bo‘lib, u ko‘plab qiziqarli bo‘limlar va yerosti o‘tish yo‘llari mavjud bo‘lgan dunyodagi eng uzun g‘orlar tizimi hisoblanadi. Sayyohlar Muzlatilgan Niagra, Grand Avenue va Fat Man’s Misery bo‘limlari bo‘ylab sayohat qilishlari mumkin. AQShdagi eng mashhur g‘orlar orasida Mamont g‘orlari oila bilan tashrif buyurish uchun ajoyib joy va u yiliga 600 mingdan ortiq mehmonni qabul qiladi. G‘orga tashrif uyurish chiptasi kattalar uchun $24 ni tashkil qiladi.

Foto: Bucketlisttravels.com

Skopyan g‘orlari. Sloveniyada joylashgan ushbu tabiat mo‘jizasiga tashrif buyurish uchun chipta narxi kattalarga 22 yevro. Ushbu ajoyib g‘orlarning hayratlanarli tabiiy go‘zalligi yiliga 100 mingga yaqin turistlarni o‘ziga chorlaydi. Skopyan g‘orlari YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Millionlab yillar davomida suv eroziyaga uchragan qoyalar ajoyib manzarani hosil qilgan.

Foto: Wenduwutours.com

Reed fleyta g‘ori. Ushbu g‘or Xitoyning Guilin shahri markaziga yaqin joyda joylashgan. U o‘zining murakkab ohaktosh shakllari bilan dunyodagi eng mashhur g‘orlar qatoriga kiradi. «Tabiiy san’at saroyi» nomi bilan ham tanilgan g‘or devorlarida miloddan avvalgi VIII asrga oid yozuvlar mavjud. Ajdaho qirolining billur saroyi deb nomlangan grottolardan biri bir vaqtning o‘zida 1000 kishini sig‘dira oladi. Kattalar $11,66 evaziga chipta olib, g‘orga tashrif buyurishlari mumkin.

G‘ordagi muzey

Foto: Thearchaeologist.org

Rasmiy nomi Sulaymon Milliy tarixiy-arxeologiya muzeylari majmuasi yoki Oʻsh viloyati muzeyi Sulaymon-Too muqaddas togʻidagi asosiy maskanlardan biridir. U 1949-yilda Oʻsh viloyat muzeyi sifatida tashkil etilgan. Hozirgi muzey binosi Sovet Ittifoqi davrida 1978-yilda O’sh shahrining 3000 yilligini nishonlash uchun qurib bitkazilgan. U 2009-yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Sulaymon tog‘i ichida o‘yilgan.

Foto: Thearchaeologist.org

Muzey arxitekturasi mamlakatning sovet o‘tmishidan merosdir. Attraksion uchun arxitektura tanlovi munozarali, ammo ikkinchi qavatdagi katta derazalar O‘shning ajoyib manzarasini taqdim etishini inkor etib bo‘lmaydi. Muzey 33 000 dan ortiq arxeologik va etnografik, hunarmandchilik, rasm, haykaltaroshlik va grafika eksponatlarini o‘z ichiga oladi. Muzeyga bir kishi uchun kirish to‘lovi 150 qirg‘iz somini ( 23 ming so‘m) tashkil qiladi.

G‘ordagi restoran

Foto: Grottapalazzese.it

Grotta Palazzese – Polignano a Mare. Italiyaning janubidagi Polignano a Mare shahrida (Bari provinsiyasi, Apuliya) Grotta Palazzeseda dunyoga mashhur restorandir. Faqat yoz oylarida ochiq bo‘lgan restoran dengizga qaragan gumbazli ohaktosh g‘or ichida qurilgan. U yerda ovqatlangan mehmonlar o‘rtacha 165 yevrodan 300 yevrogacha (buyurtmaga qarab) sarf qilishlari mumkin. Restoran dengizdan 24 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 150 mehmonni sig‘dira oladi. Menyu asosan italyan taomlaridan iborat.

G‘ordagi mehmonxona

Foto: Tripadvisor.com

Cap Rocat, Mayorka. Ispaniyada qadimiy ohaktosh qoyalari ichida joylashgan Cap Rocatdagi g‘or mehmonxonasi tabiiy tosh shakllariga silliq tarzda o‘yilgan. O‘rta yer dengiziga qaragan terassa va basseyndan iborat xona bir kecha uchun (mavsumga qarab) $600 dan $4000 gacha tushushi mumkin.

O‘zbekistonda g‘or turizmi

Foto: Kalishtrip.uz / Peshag‘or g‘ori, Zomin

O‘zbekistonda ham tog‘li hududlar talaygina. Shunga ko‘ra, ushbu turizm turi O‘zbekiston uchun juda mos tushadi. Ayniqsa, mamlakatdagi Janubini Turkiston tizmasining tarmoqlari (Molguzar tizmasi), gʻarbiy qismini Nurota tizmasi g‘or turistik obyektlarga yaxshi maskan bo‘la oladi. Shunday g‘orlardan biri Peshag‘or g‘oridir.

Foto: Uzbekistan.travel.uz / Peshag‘or g‘origa kirish qismi

Peshag‘or g‘ori. Jizzax viloyati, Zomin tumani, «Peshag‘or» QFYda joylashgan. Mamlakatimiz tarixidagi eng qadimiy g‘orlardan biri bo‘lgan Peshag‘or 4 ta katta va kichik gʻorlardan iborat boʻlib, tashrif buyurish uchun yilning bahor va kuz fasllari eng yaxshi vaqt hisoblanadi. G‘orga kirish bepul, lekin unga kirish uchun tashrif buyuruvchilar ko‘p pillapoyali baland zinadan chiqib, 1 metrlik tirqishdan o‘tishga majbur bo‘ladi. Shuning uchun, ushbu g‘orga sayohat maxsus jismoniy tayyorgarlikni talab qiladi.

Afsuski, g‘or turizmi bizda hali yetarlicha rivojlanib ulgurmagan. Mamlakatimiz iqlimi, hududi va imkoniyatlarini hisobga olib, yaqin kelajakda g‘or turizmi obyektlari ko‘payishiga va millionlab sayyohlar oqimini O‘zbekiston tomon burishiga ishonamiz.

Shuningdek