Toshkent xalqaro aeroportida bojxona xodimlari yo‘lovchilardan birini kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kirishga uringan vaqtida to‘xtatib qoldi. Bu haqda «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaroga tegishli sumka belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda uning ichidan 200 dona Neurica NT nomli dori borligi aniqlandi. Mazkur doir vositasi markaziy bojxona laboratoriyasi ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada mahsulot tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi pregabalin moddasi borligi aniqlangan.
Qonunchilikka ko‘ra, pregabalin muomalasi noqonuniy hisoblanib cheklov qo‘yilgan hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning o‘tgan davri davomida «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan 30 ta kontrabanda va bojxona qonun buzilishi holatlarida 19,7 kg kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qoraqalpog‘istonga 18 kg.dan ziyod sintetik giyohvandlik moddasi olib kirilishi fosh etilgani haqida xabar bergan edi.