Osiyo taraqqiyot banki ta’lim uchun $500 million ajratadi
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ta’limni moliyalashtirish bo‘yicha xalqaro jamg‘arma (IFFed) bilan kelishuv imzoladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur kelishuv Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi daromadi o‘rtacha daromaddan past bo‘lgan mamlakatlarga ta’lim uchun yangi imtiyozli moliyalashtirish uchun kamida $500 mln miqdorida mablag‘ ajratish imkonini beradi.
«Ta’lim zamonaviy, farovon va inklyuziv jamiyatning asosidir va biz IFFed bilan hamkorlik haqida e’lon qilishdan mamnunmiz», dedi OTBning Sektorlar va mavzular bo‘yicha vitse-prezidenti Fotima Yasmin.
Hozirgi vaqtda Bangladesh, Hindiston, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Papua-Yangi Gvineya, Filippin, Shri-Lanka, Timor-Leste, O‘zbekiston va Vyetnam mamlakatlarida IFFEd tomonidan moliyalashtirish imkoniyati mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston uchun $300 millionlik rivojlantirish dasturini ma’qullagani haqida xabar bergan edi.