Yangiliklar

Qozog‘iston boks federatsiyasi IBA’ni tark etmoqchi

Hozirgi vaqtda Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) taxminan 40 ta a’zo davlatni yo‘qotgan.
Foto: Instagram

Qozog‘iston boks federatsiyasi Xalqaro boks federatsiyasi (World Boxing)ga a’zo bo‘lish uchun rasmiy ariza berdi. Bu haqda Tengrisport nashri xabar berdi.

«Hozirda boksning olimpiya dasturida saqlanishi masalasi MOK darajasida muhokama qilinmoqda. Biz boksni Olimpiya o‘yinlarida saqlash uchun barcha davlatlar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Biz bu qarorning boksning keyingi rivojlanishiga ta’sir qilishiga ishonamiz», dedi Qozog‘iston boks federatsiyasi rahbari Shaxmurat Mutilip.

2023-yil aprel oyida Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Filippin, Shvetsiya va AQSh vakillari yangi xalqaro federatsiya — World Boxing tashkil etilganini va IBA’dan chiqishlarini ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) taxminan 40 ta a’zo davlatni yo‘qotgan. Osiyo boks konfederatsiyasi (ASBC) esa noyabrda IBA tarkibidagi kelajagini hal qilish uchun ovozga qo‘yishni ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, World Boxing  — 2023-yil aprelida tashkil etilgan xalqaro boks federatsiyasi bo‘lib, hozirda uning tarkibida 44 ta davlat a’zo hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) avgust oyi reytingida 8 nafar o‘zbekistonlik bokschi o‘rin olgani haqida xabar bergan edi.