Rossiyada Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolariga noqonuniy pasport olib berish bilan shugʻullangan guruh ushlandi

eʼlon qilindi
Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi xabar berdi
Foto: v.anisimov / depositphotos.com

Rossiyada Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolariga noqonuniy pasport olib berish bilan shugʻullangan guruh ushlandi. Bu haqda Rossiya Tergov qoʻmitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, jinoiy guruh Tojikiston va Oʻzbekiston fuqarolari orasidan Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olishni istagan, lekin bunga qonuniy asosga ega boʻlmagan shaxslarni qidirgan. Ular 150 dan 350 ming rublgacha boʻlgan pul evaziga Ukraina fuqaroligini tasdiqlovchi soxta plastik pasportlar va Donetsk Xalq Respublikasi hududida chet el fuqarolariga Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olish imkonini beradigan soxta roʻyxatga olish guvohnomalarini tayyorlagan.

Noqonuniy migratsiya boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilib, jinoiy guruhning 9 nafar a’zosi qoʻlga olingan. Tergov doirasida Moskva, Donetsk, Rostov-Don va Tula shaharlarida 30 ta tintuv oʻtkazilib, koʻplab davlat idoralari va muassasalarining, shu jumladan, xorijiy davlat shtamplari, muhrlari va blankalari musodara qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyadagi eng koʻp mehnat migrantlari Oʻzbekistondan ekani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek