1-oktabr kuni O‘zbekistonda «O‘qituvchi va murabbiylar» kuni nishonlanadi. Kursiv Uzbekistan muxbiri bu kasbni qanday egallash mumkinligi va o‘qituvchilar qancha maosh olishini o‘rganib chiqdi.
Qiziqarli raqamlar
Hozirgi kunda respublikada 10,1 ming maktab mavjud bo‘lib, ularda 527,7 ming nafar o‘qituvchi faoliyat olib boradi. O‘quvchilar soni esa 6,4 million nafarni tashkil qiladi. O‘rta hisobda bir oʻqituvchiga oʻrtacha 12 o‘quvchi toʻgʻri keladi.
O‘qituvchi bo‘lish uchun qayerda o‘qish kerak
O‘zbekistonda bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlaydigan universitetlar keng tarqalgan. Eng taniqlilaridan biri Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hisoblanadi.
Oliy o‘quv yurtlarida yillik kontrakt narxi kunduzgi ta’lim shaklida (stipendiyasiz) 7,4 million so‘m, sirtqi talabalari uchun 8,6 million so‘mni tashkil etadi. Magistratura talabalari esa 8,9 million so‘m to‘lashlari kerak bo‘ladi.
Kontrakt narxi boshqa gumanitar sohalarda ham shunday, lekin maxsus tayyorgarlikni talab qiladigan kasblar bundan mustasno.
Eslatib o‘tamiz, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab oliy o‘quv yurtlarida kontrakt to‘lovlari o‘rtacha 15 foizga oshdi.
O‘qituvchilar qancha maosh oladi
Maktab iyerarxiyasining eng yuqorisidan boshlaymiz va bir chetdan davom etamiz. O‘quvchilar sonidan kelib chiqib, direktor 4,6 million so‘mdan 5,6 million so‘mgacha, direktor o‘rinbosarlari 4,3 million so‘mdan 5,3 million so‘mgacha maosh oladi.
Direktorning xoʻjalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari maktabda 1,7–2,2 million so‘m, laborant 1,6 million so‘m, kutubxonachi 1,8–1,9 million so‘m maosh oladi. Maktab psixologlarining maoshi malaka va bilim darajasiga qarab 3–3,7 million so‘mni tashkil etadi.
O‘qituvchining ish haqi quyidagi jadvalda ko‘rsatilgan:
Shuningdek, mamlakatda oliy toifali, direktor jamg‘armasi hisobidan ustama oluvchi hamda xalqaro darajada tan olingan sertifikatga ega o‘qituvchilarning ish haqi miqdorlari 10 mln so‘mdan oshadi. O‘zbekistonda bor-yo‘g‘i 6 mingga yaqin shunday o‘qituvchilar bor, bu raqamni maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova joriy yilning sentabr oyida ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, 2024-yil 1-oktabrdan O‘zbekistonda o‘qituvchilarning ish haqi 15 foizga oshiriladi.